Bahor keldi seni so’roqlab – Zulfiya sherlari bahor haqida

Bahor keldi seni so'roqlab - Zulfiya sherlari bahor haqida

Bahor keldi seni so’roqlab Zulfiya sherlari bahor haqida. Bu she’r Zulfiya tomonidan 1945-yilda yozilgan bo‘lib, unda bahor faslining go‘zalligi, yo‘qotish dardi va shoira qalbidagi chuqur his-tuyg‘ular aks etgan. Ayniqsa, bu she’r Hamid Olimjonning vafotidan keyin yozilgani bois, undagi hijron va sog‘inch ohanglari yanada ta’sirli chiqadi.

She’rda bahor tabiat uyg‘onishi, kurtaklarning yashnashi, qushlarning parvozi tasvirlangan bo‘lsa-da, bu go‘zallik ichida bir iztirob, armon yashiringan. Shoira bahorni sevgan insonining yo‘qligi sababli u bilan suhbatlashayotgandek, uning qaytishini orzu qilayotgandek tuyuladi.

Zulfiya She’rlari

Tadbir ssenariysi Zulfiya haqida

She’r tahlili

  1. Tabiat va inson hissiyotlari uyg‘unligi
    Bahor – shodlik, yasharish, yangi hayot timsoli sifatida berilgan. Ammo shoira uchun bu fasl baxt keltirayotgan emas, aksincha, yaqin insonini eslatib, dardini kuchaytirayotgan faslga aylanadi.

  2. Hijron va sog‘inch ohanglari
    Bahor kelganida sevgan insoni uni qarshi ololmaydi, chunki u yo‘q. Bu yo‘qotish dardi tabiatning har bir qismida, hatto shabboda, daraxt kurtaklari, gullar va vodiylarda seziladi. Bahor uni izlaydi, lekin topolmaydi – bu esa insonni chuqur o‘ylantiruvchi ramziy tasvirdir.

  3. Shoirning ichki kurashi va bardosh
    She’rning yakunida shoira hijron bilan yashashga, sevgilisi xotirasi bilan bardosh berishga harakat qiladi. “Men hayot ekanman, hayotsan sen ham” degan satrlar shoiraning chuqur falsafiy xulosasini ifodalaydi.

Bahor keldi seni so’roqlab.

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekindi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi.
Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo‘ron bo‘ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog‘laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo‘ychivonlardan
“Qayda shoir?” deya ayladi so‘roq.
Barida sukunat, ma’yuslik ko‘rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,
Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan za’far yonog‘imga
Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel bo‘ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib:

“Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan?
Baxtim bormi deya, yakkash so‘roqlab,
Meni she’rga o‘rab, suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho‘x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to‘lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo‘shig‘ida
Mudom ko‘rar edim o‘z jamolimni.

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?”

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g‘aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko‘chdi,
Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g‘unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq.
Bu qo‘shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo‘shqin, zabardast.
O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Bahor keldi seni so’roqlab Zulfiya sherlari Ma’lumot taffakkur.net saytidan olindi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting