Zulfiya sherlari

Zulfiya sherlari

Zulfiya sherlari to’plami. Zulfiya (Zulfiya Ismatullayeva) — O’zbekistonning taniqli adabiyotshunosi, yozuvchi va shoirasi. U 1915-yil 6-dekabrda Toshkentda tug‘ilgan va 1996-yil 15-aprelda vafot etgan. Zulfiya o’zining asarlari orqali o’zbek adabiyotida muhim o’rin egallagan.

Uning asarlari asosan sevgi, insoniylik va yurtni sevish kabi mavzularda bo’lib, ular o’zining soddaligi va samimiyligi bilan ajralib turadi. Zulfiya ko’plab she’rlar, hikoyalar va romannlar muallifidir. Uning «Guliston» va «Qo’shiqlar» kabi kitoblari o’zbekiston adabiyoti uchun katta ahamiyatga ega.

Zulfiya nafaqat yozuvchi sifatida, balki jamiyatdagi ijtimoiy va madaniy masalalar bo’yicha faoliyat olib borgan. U adabiyot va san’at sohasida ko’plab yutuqlarga erishgan va o’zbekiston adabiyotining rivojlanishiga katta hissa qo’shgan.

Zulfiya sherlari haqida

Zulfiya (Zulfiya Ismatullayeva) o’zining she’rlari orqali o’zbek adabiyotiga katta hissa qo’shgan. Uning she’rlari ko’pincha insoniy his-tuyg’ular, sevgi, hayotning go’zalligi va ma’naviyat kabi mavzularni yoritadi. Zulfiya she’rlari nazmning o’ziga xos yo’nalishlarini ifodalaydi va uning asarlari o’zining soddaligi va samimiyligi bilan ajralib turadi.

O’rik gullaganda-Zulfiya sherlari

O'rik gullaganda-Zulfiya sherlari

«Derazamning oldida bir tup,
O’rik oppoq bo’lib gulladi…»
Gulni ko’rib ishqparast qalbim,
Ming aytilgan darddan kuyladi.

Sevgi qurg’ur buncha zo’r ekan,
Hijron qo’shar ekan harorat.
O’lgudayin mushtoq bo’libman–
Visolingga, yo’q chog’i toqat.

Seni qumsab oqshom chog’ida,
Kirib keldim shu tanish uyga.
Biz bir chog’lar yashagan uyda,
Tunab qoldim xayol-la birga.

Buncha issiq, buncha ham shinam,
Yoshlik kechgan torgina shu joy.
Bunda yashar ajib onlardan,
Ishq-la o’tgan tunlardan chiroy.

Har burchagi elitar hushim,
Naqadarlik oshino, yaqin.
Xuddi tunda kamolga yetgan,
Qo’shig’ingdan chaqnagan chaqin.

Bunda hayot – ilhom onlari,
Qalamingdan to’kilgan gavhar.
Gul bo’yini olganda shamol,
Rashqqa to’lib to’ngan u ko’zlar.

Sen tugatgach, chanqoqlik bilan,
O’qib maftun bo’lganim hayot.
«Qalay degan» bo’lib termulgan,
Ko’zlaringning otashi hayot.

Hali hayot, takror o’qirkan,
Zavqqa to’lib yayragan ko’ksim.
Yuzingdagi ulug’vor, mayin,
Bir jahonga arzir tabassum.

Bari hayot, muhabbat kabi,
Hamma yerda ko’rinar izing.
Parrandalar nag’ma kuyida,
Jaranglaydi tovushing, sozing.

Meni o’rab oldi hayajon,
Yana ortdi sevgining kuchi.
Sharq qizarib, chimoqda quyosh,
Oltinlandi terakning uchi.

Sen kuylagan o’rik shu kecha,
Burkandi oq – oppoq chechakka.
Men qadrdon xotira bilan,
Jo’nab ketdim uyimga yakka.

Tingla bulbul

Bulbul sayrar, irmoq kuylar, o‘ynar yel,
Hamma yoqqa nur to‘lganga o‘xshaydi.
Shirin kuyga to‘lib ketdi ma‘sum dil,
Sevgi unga yor bo‘lganga o‘xshaydi.

– To‘xta, bulbul, men kuylayin, jon bulbul,
Sen tinglagin qalbimdagi torimni.
Bahor desam, rashk qilmasin chaman gul,
Yuragimga kirib olgan yorimni.

Men yor sevdim, ishq o‘radi uyimni,
Erka dilning to‘lqiniga quloq sol.
Sen biyronsan, lekin mening kuyimning –
Ko‘rki bo‘lgan sadoqatdan saboq ol…

Sog’inganda-Zulfiya sherlari

Sog'inganda-Zulfiya sherlari

Qancha bo’ldi ko’rmaganimga,
Ey, qalbimning dilbari shoir!
Qancha bo’ldi birga o’ltirib,
So’zlashmadik dillarga doir.

Dil-chi, dilim unutib bo’lmas
Ishq qo’shig’i o’qilgan kitob.
Xayol hiyol chertib o’tdimi –
Topib ber deb qiladi xitob.

Ikkimizga ma’lum bir qutrat
Yillar o’ta senga tortadi.
Unutayin deyman-u, faqat
Dilda uning o’ti ortadi.

Ham tabiat, ham do’st, ham raqib-
Barchasini qoldirib dog’da,
Ko’rishsagu yana tirilsa,
O’sha o’lgan bo’sa dudog’da.

Yuragimning shohi deb seni,
Mayli, bu gal o’zim tiz cho’ksam.
Huzuringda baxtdan tebranib,
Ishq va sog’inch yoshini to’ksam.

Sen qaydasan, Yuragim

Qalb bo’lganda yiroqda,
Iroda ekan ojiz…
Do’stlar ham ko’p atrofda,
Ammo men yakka-yolg’iz…

Birdan qalbim keksarib,
Qon ham qochdi yuzimdan.
Sen, sirdoshni axtarib,
Xayol ketar izingdan.

Qayga ketding, yuragim,
Bitdi bardosh va toqat,
Suhbatingdir tilagim,
Dilda hasratim qat-qat.

Ko’pdir aytajak so’zim,
O’gitlaringga zor men.
Yig’laysan deb do’stlarim
Ta’na qilar. Netay men?

Sovush bermaydi menga,
Yoqib ketganing olov.
Netay, yetmayman senga,
O’rtaga tashlangan g’ov.

Ishqqa maskan yuragim,
Topib ber, deb qistaydi.
Nima qilay, berahm —
Ruhim seni istaydi.

Palak

«Senga maftun bo’lib sevib qolganim,
Ishqing olovida o’rtanganim rost.
Sening yoding bilan nafas olganim,
Isming takrorlashga o’rganganim rost».

Dedingu, ey yigit, yuzimga boqding,
Sendan uzolmadim men nigohimni,
O’sha go’zal bahor bag’rimni yoqding,
Endi o’zing tingla tortgan ohimni!

Qizlar bo’yi yetsa, tikardi palak,
Men seni sevdimu oldim qo’limga.
Savatda tovlanar rang-barang ipak,
Bahor nusxa tashlar chizgan gulimga…

Dushman ajal tortib keldi Vatanga,
Bizning sevgimizga tashladi hijron.
Sen ketding yarog’ing olib yelkanga,
Qaytaman, kut,– deding, – yov bitgan zamon.

Sen-la, birga ketdi bahor ham yurak,
Yomon vahimalar oldi hushimni.
Kelgach dilbar xating, xayrli darak,
Umidim o’sdi-yu, tikdim ishimni.
Uni tika berdim kechalar bedor,
Qarshimda surating, tortdim qatimni.
Xayolimda sensan doim, aziz yor,
Ishqing bilan chekdim sevgim xatini.

Yozni tamom qilib sen qaytsang g’olib,
Ishqda birga tepgay bizdagi yurak.
Seni qarshilagay quyoshday yonib,
Yo’lingga ko’z tutib men tikkan palak.

Sening dillaringga bergay ul orom,
Sevgim armug’on bo’lur umrbod.
Mehribon qo’limning san’ati mudom
Sening ro’parangda tursa bas, men shod!

Bahor keldi seni so’roqlab

Bahor keldi seni so'roqlab

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Bahmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi,
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil qirg’oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, ma’yuslik ko’rib,
Horib–charchab keldi, toqatlari toq…

So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan za’far yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.

Lekin yotog’imda seni topolmay,
Qoldi bir nuqtaga uzoq tikilib.
Yana yel bo’ldi-yu kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi» deya, yakkash so’roqlab,
Meni she’rga o’rab, suqlanib boqqan?

O’rik gullariga to’ymaydi nega,
Yelda hilpiratib jingalak sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.

Qani o’sha, qo’ychi xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.
Bu qo’shiq naqadar oshino, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo’lingda,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.

Men o’tgan umrga

Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa — telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima — bildim.
Shu-da bir yashash!..

O’n sakkiz yoshli

Bogʻlari boʻlardi mevali, gulli,
Bodom bor, anor bor, olma, shaftoli.
Nozik taʼb, sheʼrga oʻch Ona gul qoʻlli
Yashnatgan gulzor bor eram ruxsorli.

Parang etaklarin ilib tikanlar,
O‘sardi tanho qiz kapalaksimon.
Qoʻshni qizlar ichra boʻyi yetganlar
Qizda qoʻzgʻatardi goh rashk, goh gumon.
O‘ylardi:
Toʻlmaydi oʻn sakkiz yoshga,
Shoirlar sheʼrida oʻtar kuylanmay.
Yuzin oʻxshatmaydi hech kim quyoshga,
Sevgi olovida kuymayin, yonmay…

Birdan yuragida ochildi behisht,
Unda pinhon yonib,
oshkor yashnadi.
Ilk sevgi qalbida portlab, urib nish,
Jannatu doʻzaxga birdan tashladi.

Ikkisin taloshin yondi oʻtidan,
Jizgʻinib, oʻrtandi, muzida qotdi, .
O‘n sakkiz yoshini alam kuchidan
Bilmas: qachon topib, qachon yoʻqotdi?..
O‘ylamasdi!
Bir juft sayyorasimon
Tun yulduz edilar,
kunduzi quyosh…
Urush yamlab ketdi
Birin naq toʻfon,
Ikki jon-chun yashar
bir Oʻn sakkiz yoshі…

1977

Na go’zal damlar bu

Bahor kelyapti, uygʻonmoqda dil,
Gullardan ham tez!
Qanot top, nigoh top, koʻpchimakda yer,
Yeldan ildam kez!

Ana, bosh koʻtardi munis binafsha
Soyu togʻingda,
Borliqni toʻldirgan bahorgi nashʼa
Soyu togʻingda.

Shamolning bir qoʻli tortar dalaga,
“Men saxovat” der,
Osmon gavharlarin ortmish jalaga
Hovuch-hovuch ter!

Tuproq bahrini tuy, ol nur roʻmolni,
Uch bulutdomon.
Sening harorating kessin, shamolni,
Gullasin bodom.

Pagʻa bulutlarning momiq qoʻynidan
Simirgin, yoshlik,
Quyoshning har nurin quchib boʻynidan
Jon olsin toshlik.

Chigitlar sochilgan tuproq qatiga
Har yilgidan moʻl,
Toshlar ham joʻr bu yil inson ahdiga,
Gul ochmoqchi choʻl.

Toshdan ham, yerdan ham, urugʻlardan ham
Bahorga chanqoq,
Inson bor! U borki, sen ham boy, koʻrkam,
Kelaqol tezroq!

1976

Mening tongim-Zulfiya sherlari

Mening tongim-Zulfiya sherlari

 

Она тупроқ оромда ётар
Олиб тунги рисқи-қудратни.
Менинг тонгим қалбимда отар,
Ўйдан, кўздан ҳайдаб зулматни.

Тундан тонгни узиб оламан,
Катта бўлсин деб ишли куним.
Қоғоз узра саҳар ёяман,
Бағишлайман умрига қўним:

Ой қолдирган момиқ изларни,
Кўчираман шеър сатрига.
Иситмовчи шўх юлдузларни
Пайвандлайман ернинг таптига.

Олов чеҳра қизлар қатида
Бахт тўқишга бераман фармон.
Токи яшаб инсон вақтида,
Қуёшга тик боқсин бизсимон.

Менинг тонгим бошланар тундан.
Кузатаман ғунча кулишин.
Тоғ ортида бошланар кундан
Япроқларда шабнам сўнишин.

Сийнадай оқ тонг уйғониши
Ҳуснига йўқ кундузда қиёс.
Саҳар бедор қушнинг хониши
Ажиб шодлик, ёниқ эҳтирос.

Қай уйдадир йиғлади гўдак,
— Бер онаси, хушбой кўкракни!
Унга темир қанотлар керак,
Тарк этмак-чун бу тор йўргакни!
Узоқ-яқин деразаларда
Бирин-кетин ёнади чироқ.
Шошқин қадам, куй, пардаларда
Янги тонгга киради тупроқ.

Тундан юлган тонгим:
Гоҳ бир шеър,
Гоҳ ўқилган бир китоб бўлур,
Гоҳ умрнинг ўтган беҳосил
Саҳфасига бўм-бўш боб бўлур…

1970

Muhabbat tonggi kulganda

Oqshom edi, oydin ko‘prikda
Barno qizu yigit turardi,
Oyni kutgan oqshomgi ko‘kda
Beshik-beshik bulut yurardi.

Bulutlarning yorib quchog‘in,
Oy ko‘rsatdi olmos yuzini.
Mag‘rur tashlab yerga nigohin,
Tinglab qoldi yigit so‘zini.

«Xohi inon, xohi inonma,
Sening sevging qilmoqda shaydo.
Bunday yonish begona jonda
Bir o‘chmas o‘t bo‘libdi paydo!»

Oy suzadi, yel sari mayin,
Ikki qalbni yoqar bir otash.
Yoniq dilning baxtiyor nayin,
Yutmoq bo‘lur sukut jafokash.

Yigit sevgi tongini kutar,
Qiz ko‘ziday quyuladi tun.
Lekin uzun kipriklar o‘ta 
Yarqiraydi baxtga to‘la kun.

«U bir o‘tki, seni ko‘rmasam
Iztirobga solar jismimni,
Lol qolaman  axtarib topsam,
Unutaman hatto ismimni.

Xoh inongin, inonma xohi,
Xayolimda kezasan yolg‘iz.
Meni sevgin!»
Yigit nigohi
Sevgi tilar  sukut qilar qiz.

Oppoq pag‘a bulut ustida
Hayron suzar keksa oysuluv.
Yulduzlarni quchib ko‘ksida,
Anhor to‘lib jo‘shib oqar suv.

Shu choqqacha ishqin qiz faqat,
Dildan so‘rab aytgandi dilga.
Ilk, musaffo, katta muhabbat
Qiz dilidan kelmasdi tilga.

Hozir yurak bir nigoh bo‘lib,
Boqqan edi yigit ko‘ziga.
Oqshom og‘ushiga nur to‘lib,
Tong kulganday bo‘ldi yuziga.

Yelda qo‘shiq, ko‘prikda shu’la,
Baxt-la tepdi ikki yosh yurak…
Oy so‘zladi yulduzni to‘plab,
Sevgi tongi haqida ertak.

1936

Xalqqa aytar so’zlarim

O‘zing tashna etding, o‘zing suv tutding,
Qalbimdagi sahrom, daryomsan, xalqim!
Seni seva-seva men boyib ketdim,
Dunyo ichra topgan dunyomsan, xalqim!

Yurak chaqmoq tekkan osmon yuziday,
Lekin e’tiqodim, iymonim butun,
Umrimda qilganim ozmi-ko‘pimdan,
Mehrim daryosidan serobman bu kun.

Menga Navoiydan ayting alla deb,
Lutfiydan ongimga ziyo taratding,
Qiynalgan olamga bo‘lgin dalda deb
Asli o‘zing meni shoir yaratding…

Yosh shuur, kurashchan tuyg‘ular bilan
Sening taqdiringga mahkam tutashdim,
Ne-ne g‘animlar-la kurashganing on
Ko‘pning biri bo‘lib malhamga shoshdim.

Sarg‘aygan dashtlarga berding yashil qon,
Tuproq tepalarda shahar ko‘tarding:
Har bir g‘alabangni ko‘rgan suyuk on
Dildagi o‘z g‘amim kuyi cho‘kardi.

Yo‘l yurdim, sog‘indim, to‘kildi baytim
Xorijning shomlari, saharlarida,
Ezgu istaklaring jaranglab aytdim
Osiyo, Afrika minbarlarida.

Paxta xirmonining o‘sdi bo‘ylari,
Tanidi, tan oldi yaqinu yiroq
G‘ururdan dengizday to‘lib kuyladim,
Tolelar tiladim bundan yorqinroq.

Maktublar yozding sen, maktublar bitdim,
Goh ko‘zga nam qalqib, gohida xushbaxt.
She’r bilan, so‘z bilan qalbingga yetdim,
O‘sha qalb men uchun eng sharafli taxt.

Ko‘zim ustidasan bu tug‘yonli dam,
Sen bilan taqdirdosh kunduzli bo‘ldim.
Seni deb siyladi Umr, aziz Vatan
E’zozli bo‘ldim men, yulduzli bo‘ldim.

Hali bor oldimda o‘tmagan burchim,
O‘tayman ko‘zimda tirik tursa nur.
Umrimdagi barcha fasllar uchun
O‘ziga bek xalqim, Senga tashakkur.

1985

Zulfiya sherlari turli xildagi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalardan tayyorlandi. Zulfiya sherlari sizga manzur bo’ldi degan umiddamiz.

1 izoh

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting