Muhammad Yusuf sherlari va sher haqida.
Muhammad Yusufning she’riyati:
- Vatanparvarlik va yurt sevgisi: Shoirning eng muhim mavzularidan biri — vatan va uning go‘zalligi, xalqining qadriyatlari. Muhammad Yusufning «O‘zbekiston», «O‘zbekiston — mening vatanim» kabi she’rlari o‘zbek xalqining milliy g‘ururini, uning tarixiy boyliklarini va tabiiy go‘zalligini madh etadi. Ushbu she’rlar o‘zida chuqur ma’naviy, ruhiy va hissiy yuksaklikni mujassam etadi.
- Sevgi va romantika: Muhammad Yusuf o‘zining romantik she’rlari orqali sevgi, ehtiros, baxt va umidlarni ifodalagan. Uning «Sevgi», «Sen», «Bahor» kabi she’rlari ko‘plab o‘quvchilarni chuqur o‘ylantirib, ularga his-tuyg‘ularini anglatishda yordam beradi.
- Milliy qadriyatlar va ijtimoiy muammolar: Shoirning she’rlari ko‘plab ijtimoiy va ma’naviy masalalarni o‘z ichiga oladi. U xalqning og‘ir ahvolini, uning azoblari va orzularini tasvirlaydi, shu bilan birga, o‘z xalqining kelajakka umidlarini o‘zgacha ifodalashga harakat qiladi.
- Falsafiy va ma’naviy izlanishlar: Shoirning ko‘plab she’rlari insonning ma’naviy izlanishlari, o‘zini anglash va hayotdagi haqiqatni tushunish haqida. Uning she’rlari ko‘pincha chuqur falsafiy mazmunlarga ega bo‘lib, hayotning murakkabligini va uning go‘zalligini birlashtiradi.
Muhammad Yusuf sherlari – Onamga xat
Men sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olamayman,
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmayman.
Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O’z do’stim uyiga ko’mildi sevgim,
Kun bo’lib ko’ksimni kuydirdi nafrat.
Boshimdan o’tgani ko’kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men – zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…
Mana, men ketyapman tosh yo’lda ko’zim,
Qadamim moshinlar yo’rg’asiga mos.
Yig’lasam yupatib o’zimni o’zim,
Pishqirib qo’yaman toychoqlarga xos.
Va sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olmasman.
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmasman…
Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sog’ bo’ling deb,
Sog’ingan o’g’lingiz – Muhammad Yusuf.
Samarqand.
Samarqandga borsam men agar,
Ulug’bekni ko’rib qaytaman.
U qon yig’lab tu pap har safar:
Men dardimni kimga aytaman?..
Bag’rimda bo’y yetgan bo’z bolam,
Mergan bolam, lochin ko’z bolam,
Bo’g’zimga tig’ urgan o’z bolam…
Men dardimni kimga aytaman.
Sezmay qoldim. O’shanda chog’im,
Yulduzlarda ekan nigohim.
Bilmadim ne edi gunohim…
Men dardimni kimga aytaman.
Qancha g’amga botmagan edim,
Kdncha og’u yutmagan edim…
O’z bolamdan kutmagan edim…
Men dardimni kimga aytaman.
Tanim muzlab, goh tosh qotaman,
Men shoh emas, axir, otaman.
Go’rimda ham o’ylab yotaman,
Men dardimni kimga aytaman?..
Samarqandga borsam men agar,
Ulug’bekni ko’rmay kelmayman.
U menga qon yig’lar har safar,
Men dardimni kimga aytaman!
Biz baxtli bo’lamiz.
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo’shilib
Yig’lasharmidik.
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo’llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko’kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig’lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing –
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O’zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O’rtanma g’amda.
G’iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug’ olamda.
Men esa
Oshig’ing sening –
Eng g’arib.
Tundan so’z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz cho’kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo’lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
Iymon qo’shig’i.
Umrning har kuni bayrammas, to’ymas,
O’char oqshomi bor oldinda chiroq.
Ko’ylagingga qarab jannatga qo’ymas,
Ajrim bo’lar bir kun savob-u gunoh.
Cho’yan doshqozonga shayton o’t qalar,
Qutqarsa bir kuni iymon qutqarar…
Noming tutgan tuzing totmay ketmasin,
Uyingda har kuni yostiq yetmasin.
To’rtta mayizingni qush ham yeb ketar,
Uying chetlab odam zoti o’tmasin.
Berk saroymas-ochiq ayvon qutqarar,
Mezbonni bir kuni mehmon qutqarar…
Xor qilib o’ynama har kimsa boshin;
Yigit g’aribi-yu qizning yuvoshin.
Ko’shkingni ko’z-ko’zlab, zaringdan so’zlab,
Mustarin ko’zidan oqizma yoshin.
Kimda-ketar husn, kim xush bo’y tarar,
Lolani xokisor rayhon qutqarar.
Botinda boshqa-yu zohir bo’laksan,
Avval boshqa eding, oxir bo’lasan.
Ko’ngil ko’chasida, ko’ngil ko’yida,
Kelgan izga qaytib borar yo’laksan.
Bunda har kim o’zi qul-jon qutqarar,
Na shoh, na hakimi Luqmon qutqarar.
Qizga’ldoq sheri.
Qizg’aldog’im, qirdan bo’lak koshonang yo’q,
Kokil yoysang, yerdan bo’lak toshoynang yo’q,
O’ksib-O’ksib-o’ksib turganingda o’zim borib,
Peshonangdan o’pay desam, peshonang yo’q…
Sollanasan kelinchakday boshing egib,
Jayron o’tgan so’qmoqlarga yoshing to’kib,
Qizil yuzing qon dilimga turar tegib,
Meningdek sen g’aribning ham parvonang yo’q…
Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?..
Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,
Go’zalsanki, senga bari gullar ag’yor,
«Oh» ursang, bir ohing tinglar ostonang yo’q…
Oldingga men borolmasam, o’t gunohim,
Bir yo’qlab qo’y, men dunyodan o’tgan chog’im,
Qabrim uzra hilpirab tur, qizg’aldog’im,
Muhammaddan bo’lak do’sti devonang yo’q.
Orzu – Muhammad Yusuf sherlari.
Tug’ilmasdan oldin men
Chqib arshi a’loga,
Oyni o’pib, qoldim men
Yulduzlardan baloga.
Tug’ilgandan to shu dam,
Qo’msab kecha-kunduzlar.
Oy qani deb yig’lasam,
G’iybat qilar yulduzlar…
Hiqqillama, der yurak,
Dunyo bilan ishim yo’q.
Bo’lsa menga Oy kerak.
Yulduzlarga hushim yo’q!
Mening dardim.
Tuzalmaydi dardim mening,
O’lsam kerak.
Tuproq bilan og’a-ini
Bo’lsam kerak.
O’lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O’g’ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona…
Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo’q.
Xira shamdek ko’zlarimda
So’nmoqda cho’g’.
Cho’g’ nimadir? Cho’g’ ham tutab,
Kul bo’ladi.
Inson bir kun o’z mayliga
Qul bo’ladi…
Yuragimni tamom qildim,
Yig’layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.
Men hayotda o’limga tik
Boqib o’sdim…
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do’stim!
Alloh go’zal – Muhammad Yusuf sherlari.
Orazi gul, husni hilol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal.
Mutlaq kamol, mutlaq jamol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal…
Arsh erkida sulton o’zi,
Beayb-u benuqson o’zi.
Poyida cho’k, ul Zuljalol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal…
Diydori bir shirin umid,
Amal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal…
Nahri zilol, bag’ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal…
Tuproqqa jon etmish ato
Momo Havo, Odam Ato.
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal…
Shoir tilak-ta’bim o’shal,
Ruhim o’shal, Rabbim o’shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go’zal, Alloh go’zal!.
Xavotir.
Qo’rqaman, ertaga men o’lib ketsam,
Yotar bo’lsam qumga botib ko’zlarim,
Ko’nglimni ko’chkiday bosadi bir g’am –
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim…
Eng yaqin do’stlarim g’iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o’zlari bilar,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim…
Shoir o’lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakday ko’p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to’kilar to’p-to’p…
Tildan qolsam ko’zda qotib yoshlarim,
Ko’nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim…
Ular yosh. O’limdan qo’rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig’lasin debon,
Qizlarim ko’zyoshin asray olmadim!
Ey jufti halolim
Bizni birovlardan ne kamimiz bor,
Ey jufti halolim, ne g’amimiz bor.
Garchi bog’lar kezib yurmadik birga,
Eslasak arzirli xush damimiz bor…
Garchi men bilan hech yo’qday ishlaring,
Men haqdadir hatto ko’rgan tushlaring.
Sevdim demasang ham sevging izhori-
Ko’zing to’la mehr jilmayishlaring.
Mehri sadoqati siym-u zar sanam,
Munglig’im, munisam, mushtiparginam.
Parvonam sensan-u boshimda mudom,
Qadringga yetmayin kelganim alam.
Bir bor qosh uymagan qalam qoshligim,
Sochingdagi oqlar-bag’ri toshligim.
Bir shirin so’z aytmay, bitta gul tutmay,
Sen gulni so’ldirdi mening yoshligim.
Darding olay yorim, aytgil dardingni,
Tog’lar ko’tarolmas sening dardingni.
Sevdim demasam ham sevgim izhori-
Umr o’rtasida bildim qadringni!..
Bizni boshqalardan ne kamimiz bor,
Ey jufti halolim, ne g’amimiz bor.
Garchi bog’lar kezib yurmadik birga,
Eslasak arzirli xush damimiz bor…
Hazil sher
Mening haqimdagi g’iybatlar yolg’on,
Ixtiyor o’zimda bo’lsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan,
Ichmasam, ul zotning ko’ngli ranjiydi.
O’zim boshladimmi, o’zim qilgum bas,
Do’stlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay o’lsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..
Oqibat.
Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo’lgay anqo urug’i.
Elning kichigini g’ajir kichigi,
Ulug’ini esa ulug’i…
Polvoni polvonin chalmoqqa mahtal,
Dorbozi dorbozin ko’rolmay yashar.
Hofizlari qo’shiq aytishdan avval,
Bir-birlarin qarg’ab ovoz sozlashar.
Ziyolilariga kerakmas maydon:
Tinchitar bir-birin sal g’oyibona,
Olimi olimin olimlik bilan,
Shoiri shoirin ham shoirona!..
Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo’lg’ay anqo urug’i,
Elning kichigini g’ajir kichigi,
Ulug’ini esa chaynar ulug’i.
Andisha degan bir bog’ bo’lar vayron,
Go’yo bu chamandan yalmog’iz o’tgan.
Onalar qizlarin tanimay hayron,
Qizlarin onalarin ismin unutgan.
Bir umr yelkada ko’tarib o’zi,
O’zi bolasining rahmiga mushtoq.
O’g’illar mushtidan ko’karib yuzi,
Otalar yig’lagay sochlari oppoq…
Bo’ldi. She’rim tamom. Axir siz chidab
Yuribsiz-ku, nima qipti men yursam.
Tomog’imda jonim turibdi yig’lab,
Jondan ayrilaman endi gapirsam!.
Sodda Muhammadman
Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Ko’ylagiga havas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g’avg’oga qoldim…
Nedan ranjidingiz, jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.
Yorug’ dunyoda-ku bari qiz go’zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o’tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.
Yurtim suluvlari, sizga yo’q ta’rif,
Qoshingizda o’sma yursa sirg’alib,
Uzun sochingizni o’rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.
Asli turkman qiz bir bahona, xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo’msaganim hayo – momomlarga xos,
Sog’inganim edi Kumushbibilar…
Yonsam, hajringizda mening yonishim,
Kuysam, siz tufayli ko’nglimdagi cho’g’,
Turkman qizlarda yo’q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo’q!
Yaxshi – Xurshid Davronga
Ey do’stlarim,bu dunyoda
Ortda qolgan iz yaxshi,
Bulbuli yo’q bahordan
Qumri to’la kuz yaxshi.
Minnat to’la halvodan
Ayvondagi muz yaxshi,
O’pich ko’rgan paridan
Sepkil toshgan yuz yaxshi,
Ichmasang ham qimiz zo’r,
Quchmasang ham qiz yaxshi.
Ey do’stlarim,dunyoda
Ortda qolgon yod yaxshi,
To’qligingda yo’qlagan
Qarindoshdan yot yaxshi,
O’nta nomard do’stingdan
Bitta cho’loq ot yaxshi.
Olisdagi oltindan
Quchoqdagi gard yaxshi,
Vafosi yo’q xotindan
Davosi yo’q dard yaxshi,
G’alamis bergan g’aznadan
Burda arpa non yaxshi,
Qirqta chala mulladan
Bitta musulmon yaxshi.
Xudbinga – Muhammad Yusuf sherlari
Kim-kimga maqtanib sanjarman deydi,
Sim-simga maqtanib-xanjarman deydi,
Qumursqa ham o‘zin ajdarman deydi,
Men nima ham derdim.
Bol bergan qo‘lingga nayzasin sancha,
Qilgan yaxshiliging bilmagan qancha,
Oqillarin talar qancha tirrancha,
Men nima ham derdim.
Imon yo‘q go‘shada ehrom qaydadir,
Qalbga taskin qayda, orom qaydadir,
Magar jondan kechgin, nima foydadir?..
Men nima ham derdim.
Mening yozganlarim shunchaki havas,
Menga dilim poshsho-she’rlarim emas,
Shoir-sen, desam ham, qo‘ymasang nokas,
Men nima ham derdim.
Otamdan qolmagan bu nazmi so‘lg‘in,
Men bog‘da gul emas-tog‘dagi yulg‘un!
Qo‘lingda kelsa bor, Navoiy bo‘lgin!..
Men nima ham derdim
Shu kabi sherlarni telegram kanalimizdan ham kuzatib boring.
Ushbu sherlar telegram kanalidan va Xurshid Davron saytidan olindi.
Manoli sherlardan yana qóyingsizlar
Vatan haqida sher qoʻyila iltimos topib boʻlmayapti vatan haqida yangicha sher