Bosh sahifa » Sherlar » Abdulla Oripov sherlari
Abdulla Oripov sherlari

Abdulla Oripov sherlari

Abdulla Oripov sherlari. Abdulla Oripov — o’zbek she’riyatining yirik namoyandalaridan biri. U 1941-yil 24-aprelda Toshkent viloyatining Oqtosh qishlog’ida tug’ilgan. Oripov o’z ijodida insoniy tuyg’ular, tabiat, Vatan va erkinlik mavzularini teran va chuqur ifodalaydi.

Abdulla Oripov.

Uning asarlari nafaqat she’rlar, balki dostonlar, pyesalar va tarjimalarni ham o’z ichiga oladi. Abdulla Oripovning “Zebuniso” va “O‘zbekiston” kabi mashhur asarlari xalq tomonidan katta e’tirofga sazovor bo’lgan. U o’z she’rlarida o’zbek xalqining tarixiy va madaniy merosini, milliy qadriyatlarini yuksak mahorat bilan ifodalagan.

U shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Qahramoni unvoniga ega bo’lib, ko’plab adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan. Abdulla Oripov 2021-yil 5-noyabrda vafot etdi, ammo uning asarlari va g’oyalari bugun ham yosh avlod uchun ilhom manbai bo’lib qolmoqda.

Abdulla oripov til haqida sherlar, Abdulla Oripov o’zbekiston sherlari, Abdulla oripov ona tilim sheri etiboringizga havola etamiz.

Abdulla Oripov sherlari.

Odam va tulpor.

Ko’ngli bu dunyodan sovigan odam
Kasalga chalingan tulporga o’xshar.
Odam qiyo boqmas siymu zarga ham,
Tulpor arpasiga tashlamas nazar.

Undayin odamga ikki dunyo bir,
Chayla va qasrning farqi yo’qdir, bas.
Undayin tulpor ham hamisha dilgir,
Poygalarga zarra rag’bati bo’lmas.

Maqtanish.

Odam zoti bilsa ekan maqtanishni ham,
Lekin hazm qilolmadim bir holatni hech:
Uni yomon demasdan birorta odam,
“Yaxshiman”, deb dod solar ertadan to kech.

Birinchi muhabbatim – Abdulla Oripov sherlari.

Birinchi muhabbatim - Abdulla Oripov sherlari

Kecha oqshom falakda oy bo’zarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg’otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O’tdi yoshlik zavq bilan, gohi to’polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan? qalb bilan imon bilan,
Lekin seni yo’qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g’aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Xolbuki orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yulduzday kuyganim yo’q, oy kabi to’lganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.

Yo’lin yo’qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi oxim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.

O’zbegim – Yurtim, senga she’r bitdim bu kun.

O'zbegim - Yurtim, senga she’r bitdim bu kun

Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o‘z yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o‘lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug’ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamasman moziyni, biroq
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z-ko‘z etib nuqs-u chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar.
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh — yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk.
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g’liga tutgan.
Sen o‘zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim:
O‘zbekiston. Vatanim manim.
Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokas—u nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo‘lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Qonga to‘lgan kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam — Haq bor, beg‘araz,
Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.
Qilich serpab tole tongida
O‘zligingni tanib qolding sen.
O‘g’lonlarning qatra qonida
O‘zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug’ gulshanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Abdulla oripov vatan haqida sherlar

Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi dog‘uli zamon?
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim.
O‘zbekiston atalgan bog‘da.
Sensan nomus va sha’nim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
— Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam, qoldi—ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg‘onada balki balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajaksan kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g’lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho‘x—shanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘st—u yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug’ bashar oilasida
Mangu yorug’ peshonang sening.
Mangu yorug’ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Uchinchi bo’lim.

Tiriklikning ehtimol yarmin
O’tkazasan xushomad qilib.
Kimlarningdir bosh kiyimlarin
Garderobda qoziqqa ilib.

Nasib etsa birorta mansab,
Endi senga xushomad bo’lgay.
G’animlar ham iltifot aylab,
Garderobga telpaging ilgay.

O’zingni ham qildingmi hurmat?
Deysan, bunga tegmadi qo’lim.
Bu insoniy, qisqa bir muddat,
Umringdagi uchinchi bo’lim.

Sharh- Abdulla Oripov sherlari.

Sharh- Abdulla Oripov sherlari

Bu dunyoda soddalar bisyor,
O’tmishda ham uchragan ancha.
Biri deydi: – Iqtidoring bor,
Shuning uchun bergansan qancha?

Boshqasi der: – Aqling zo’r chindan,
Gapni gapga rosa ulading.
Jon og’ayni, yashirma mendan,
Buning uchun qancha to’lading?

Deyman, yo’qdir ularning narxi,
Ular – hayot, ular – zarurat.
Lekin bordir ozgina sharhi:
Tekin erur nodonlik faqat.

Tutash dunyolar.

Marhum jo’ralarim,
Eslayman sizni,
Endi aylangansiz tushga, ro’yoga.
Birma-bir ketdingiz tark etib bizni,
Boshqa o’lchovdagi boshqa dunyoga.

Balki o’zga erur unda tizim ham,
Xayolga erk berib, taxmin qilaman.
Qanchalik rangbarang bo’lmasin olam,
Ruhingiz o’shadir, buni bilaman.

Sirli xilqatingiz o’zingizga xos,
Albatta farqlidir odat-tarzingiz.
Hech kimda boylik yo’q, hech kimda libos,
Demakki, hech kimdan yo’qdir qarzingiz.

Sizni ko’rgim kelar, sog’inaman goh,
O’tsa tomoshalar, bayram, ko’riklar.
Chehrangiz namoyon bo’lar banogoh,
Mening yakkalashsa manov tiriklar.

Mayli tursangiz ham cheksiz yiroqda,
Oromda yotgaysiz, mudom ko’ngil to’q.
Urush begonadir, hatto u yoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo’q.

Jami ezgulikni qutlaysiz beshak,
Ajratmay Shimolu Janub yoqlarni.
Majlis ham qilmassiz, bilmassiz demak
Koridorda yurgan maqtanchoqlarni.

Sodiq farishtangiz pospondir, illo
Xonangiz – koinot mudom sarishta.
Yerda ro’zg’or qilsa bir kun mabodo,
Aqldan ozardi o’sha farishta.

Eslayman sizlarni shu dam Shukurjon,
Do’stim Ubaydulloh, azizim O’tkur.
Duolar qilaman, maqtayman chunon,
Iloho, ruhingiz bo’lsin tinch, masrur.

Lekin kuyingayman do’st deb baribir,
Axir tiriklik ham hikmat-ku azal.
Sizni eslaganda eslanar qadr,
Bu – noqis dunyoda ibrat har mahal!

Sira unut bo’lmas suronli hayot,
Kurash va g’alaba, turfa xil hislar.
Sizni tushimizda ko’rgaymiz bot-bot,
Balki sizning tushga kirgay majlislar.

Luttiboz.

Vijdonli odamlar ortgani sayin,
Lo’ttiboz soni ham ko’payib borar.
Tekinxo’r atalur bu qavm tayin,
Ajabki, ko’p ishni shular boshqarar.

Vijdonning boshiga chiqqani ko’yi,
O’zini mengzaydi tengi yo’q dovga.
Jinjakcha kelmaydi o’zining bo’yi,
Yoqsa, tutantiriq bo’lmas olovga.

Ikki xushomadgo’y.

Ikki xushomadgo’y uchrashdi bir kun,
Ochig’i, tajriba almashmoq uchun.

Shundoq boshlab qoldi gapni havaskor:
– Mening qalbim to’la g’urur, iftixor.

Oxiri meniki bo’ldi xo’jayin,
Ishlarim yurishib ketmog’i tayin.

U kun o’zlarini yaladim ancha,
Tovonidan tortib tizzasigacha.

Gal keldi ikkinchi xushomadgo’yga,
Gapin boshladi u, tolgancha o’yga:

– Hozirgi kasbdoshlar o’zgargan butkul,
Kamtarlikni bilmas, maqtanar nuqul.

Mana biz dongdormiz, taniydi har kim,
Lekin o’tiribmiz, gerdaymasdan jim.

Aytsam ishonmaysan, eh sodda ukam,
Yalaganmiz undan yuqorisin ham.

Videohavola.

Ushbu sherlar to’plami Xurshid Davron saytidan olingan.

Leave a Comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

error: Saytdan ko'chirib, boshqa saytlarga chop etish mumkin emas. Barcha maqolalar maxsus belgi bilan belgilab qo'yilgan. Ko'chirilgan ma'lumotlar shu belgi asosida bilib olinadi. Ogoh bo'ling agar ko'chrilishi sezsak sizni saytingiz dublikat bo'ladi.
Scroll to Top