Vatan haqida insho

Vatan haqida insho

Vatan haqida insho. Marhamat vatan haqida insho yozishda maslahat va tayyor shablonlar taqdim etildi. Vatan haqida inshoda quyidagi mavzularni yoritishingiz mumkin:

  1. Vatan tushunchasi: Vatan nima? Uning ahamiyati va inson hayotidagi roli.
  2. Tarixiy kontekst: O’z vataningiz tarixi, muhim voqealar, qahramonlar va ularning vatan himoyasidagi roli.
  3. Tabiat va go’zalliklar: Vataningizdagi tabiiy go’zalliklar, joylar, landshaftlar va ularning inson ruhiga ta’siri.
  4. Madaniyat va an’analar: O’z vataningizning madaniyati, urf-odatlari, bayramlari va ularning ahamiyati.
  5. Vatanparvarlik: Vatanparvarlikning ahamiyati, uni qanday namoyon etish mumkinligi va har bir insonning vataniga bo’lgan mas’uliyati.
  6. Kelajak va umid: Vataningiz kelajagi, yosh avlodning roli va yurtni rivojlantirishdagi imkoniyatlar.
  7. Shaxsiy tajribalar: O’z hayotingizda vatan haqidagi hissiyotlar, xotiralar va voqealar.

Ushbu mavzular orqali inshoda vatan haqidagi fikrlaringizni va hissiyotlaringizni chuqur ifodalashingiz mumkin. Ijodingizga omad!

Vatan haqida insho.

  • I.Kirish.
  • Vatan – muqaddas va buyuk maskan.
  • II.Asosiy qism:
  • 1.Quyosh tafti bilan oshufta zamin muhabbati.
  • 2.Yurtini qadrlashni bilgan kishining ertasi yorug‘.
  • 3.Vatan qalbiga monand qadri baland avlod maskani.
  • III.Xulosa. Yoshlikdagi shijoat – kelajakka kafolat.

Buyuksan, mo’tabarsan eng ulug’ zamin-onajon Vatan!

(Ozod Sharafiddinov )

        

Vatan – muqaddas va buyuk maskan.

Bir donishmandning “Bilimning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni qo‘llashingiz kerak, xohishning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni amalga oshirishingiz kerak”, – degan so‘zlari mohiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, biz o‘zimizdagi mavjud imkoniyat va iqtidorni yanada kamol toptirish, ularni amalda qo‘llay bilish orqaligina eng baland marralarni egallashimiz mumkin. Buning uchun esa yurtimizda barcha shart-sharoit muhayyo.

Vatan – kindik qonimiz to’kilgan, jonga jondosh, qalbga sirdosh eng ulug’ kalom. Vatan – muqaddas dargoh, mo’jizali maskanlari bilan yuraklarga jo bo’lgan, har qarich yeri-yu, kaftdek tuprog’i zar, ko’zga gavhardir. Ona yurt misli qimmatli Ko’hinur olmosi kabi Vatan ichida yashaguvchi farzandlar uchun shunchalik ardoqlidir. Bulbul o’z tikonzorida yayrab sayraganidek, odamizot ham o’z ona tuprog’ida baxt osmonini quchmog’i mumkin. Bu maskanning na bahosi va na qiyoslanuvchi qudrati bor. Vatan azaldan muqaddas sanalgan. Suvidan to giyohi qadar begona ko’zlardan himoyalangan. Demak, bu yurt uchun har bir farzand jon kuydurmog’i, kelajagi uchun oz bo’lsa-da nafi tegadigan bo’lib yashamog’i lozim. Samimiy insonga inson do’st bo’lishga talpinganidek, iymoni but farzandi bo’lmog’i uchun ham Vatan ona kabi intilaveradi, o’sha insonni asrab-avaylaydi. Bu maskan qadrini faqat bir soniya bo’lsa ham musofir bo’lgan insongina tushunadi. Vatan ta’rifiga kalom-u, yozmoqqa qalam ojiz. Har bir insonning sog’ingan yuraklar taftiga mehr urug’ini qadaguvchi buyuk yurtida hamisha ezgulik, tinchlik bardavom va abadiy bo’lsin!

Quyosh tafti bilan oshufta zamin muhabbati.

Vatanga muhabbat tuyg’usi bo’lmaganda edi, yurtlar vayron va zamin talato’p bo’lgan bo’lar edi. Ammo, vayronagarchiliklar shohidi bo’layotgan yerlarni eshitasiz-u, beixtiyor “Bizga, Vatanimizga ko’z tegmasin” – deya duo ham qilishga shoshilasiz. Ne uchunkim, bugunning hali atrofni chuqur anglab ololmagan ba’zi bir gunohkor, nonko’r shu yurt vakillarining o’zga yurt qirg’inbarotiga shoshilib aralashishga ketayotganlarini eshitasiz. Bu zamin ne-ne yovlarga qarshi kurashgan, shahid bo’lib ketgan ota-bobokalonlar ruhi oldida qarzdor. Bugungi kunning nafasini ajdodlarimiz orzu qilib yashaganlarini barchamiz tarix varaqlaridan o’qib bilamiz. Yurtga sodiq har bir farzand bugun qurol ko’tarib urush komida yashayotgan, yo kechirimlilik siyosati orqali pushaymonlik o’tida yonayotgan yurtdoshlar qismatini ko’rib, faryod urgisi kelaveradi. Vatan tushunchasini qalbiga singdirib, dilidagi nafrat –alamni sug’orib, mehr rishtasini qadashni xohlaydi. Ammo, afsuski, barcha birdek mehr tushunchasini tushunmaydi yoki besh barmoq teng emas-da…

“Vatan qadrini vatangado va musofir biladi”-deydi dono xalqimiz. Bobokalonimiz, buyuk imperiya asoschisi Bobur ham ayni shu tuyg’u azobida to o’lgunga qadar birga yo’ldosh bo’ldi. O’z asarida ham bir yurti qovuni isini olish uchun ming azob chekkani to’g’risida to’xtalib o’tiladi. Vatan hamisha o’z tuprog’idan yiroqdagilar uchun qo’l yetmas Mirrix yulduzidek uzoq va nurli issiqlik bilan tortguvchi kuchga ega. Tuningiz osudaligi, uyqungiz va oromingiz osoyishtaligi uchun faqat shukrona keltirguvchi zamon zaylini ne-ne kishilar orzu etmagan va o’zga notinch yerlar orzusi desak mubolag’a qilmaymiz. Vatan qon-qonimizga singgan an’ana , yurak-yurakka qadalgan ezguliklar, nigohlar tub-tubiga jo bo’lgan shukronalik tuyg’usidir. Uning qadrini qadrlashga qaddi tik avlodlar hamisha birgalikda qadam tashlamog’i lozim. Vatan qalbiga monand saf tizilgan yosh avlodning qaddini tik tutib yashamog’iga teng intilguvchi shu zamin doimo baxt nuriga limmo-lim to’lsin.

Yurtini qadrlashni bilgan kishining ertasi yorug‘.

Vatan bu bizning go’zal bo’stonimiz –O’zbekiston. Sog’inch va mehr qorishgan buyuk ajdodlar kalomida bayon etilgan yurtimiz doimo biz farzandlari uchun jonsarak ona kabi mehribon. O’zbekiston dunyoda yagona va har bir  shu yurt farzandiman deguvchilar uchun muqaddas dargoh. Yurtning ertasi yoshlar, jahon minbarida bayrog’imiz hilpirashi uchun hamisha kamarbasta. Qalbi olov bo’layotgan ertaning egasi yosh avlod ezgu orzulari bilan O’zbekiston kuchiga kuch qo’shmoqda. Yurtimiz bugungi kun go’zalligidan yanada ko’rkamlashmoqda, qadamlarini katta va mustahkam tashlab bormoqda. O’zbekiston har soniya kelajagida mehr oshufta bo’lib, navqiron baxt birga abadiy bo’lmog’i uchun intilmoqda. Vatanimiz, O’zbekistonimiz, onajonimiz kabi qadrdon, ko’nglimiz tojidir. Shunday ekan, shu yurt uchun barcha metin yurak bilan qo’rqmay orzular sari intilmog’i va har onni mustahkam poydevor bilan qurmoq uchun dadil odimlamog’i darkor.

Biz yoshlar kuchli, bilimli, sog‘lom hamda yuksak ma’naviyatli bo’lib ulg’ayishimiz, siyratimizda ona xalqimiz va Vatanimizga mehru muhabbatni sarbaland, yurt ravnaqini ta’minlashga hissa qo‘shishni sharaf deb biladigan komil inson sifatida voyaga yetishimiz zarur.

Vatan qalbiga monand qadri baland avlod maskani.

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”-degan naqlga aml qilgan holda, har kim o‘ziga berilgan ana shu qisqa davrda kasb-hunar egallashga, ulkan marralarni zabt etishga harakat qiladi. Men ham tengdoshlarim qatori malakali mutaxassis sifatida o‘zimni namoyon etishga, yurt koriga yaraydigan inson bo‘lishga intilaman. Ba’zi tengdoshlarim hoyu havasga uchib, yengil hayot ortidan quvayotganini, egri yo‘lni tanlab adashayotganini ko‘rib mulohaza qilaman. Axir dunyoda O‘zbekistondek go‘zal va betakror mamlakatda yashashning o‘zi baxt emasmi?!

Bugun ulg‘ayayotgan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, puxta bilim olishlari uchun olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlarni ba’zi davlatlarda yashayotgan bolalar hattoki tasavvur ham qilisholmaydi. Ayrim mamlakatlarda maktabda o‘qish bolalarning katta orzusi hisoblanadi. Ko‘pincha bolalar ta’lim olish uchun maktabga g‘ayrioddiy yo‘llardan borib kelishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zan ularning jasorati va mardligiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Dunyodagi eng uzoq maktabgacha tog’lar osha 5 soatli yo’l, 800 metrli po’lat arqon bilan Rio-negeo daryosi ustidan o’tib maktab tomon boradilar. Ammo oramizda yurib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgan, giyohvandlik, “Ommaviy madaniyat”, diniy ekstremizm kabi illatlardan o‘zini himoya qila olmayotgan yigit-qizlarni ko‘rib ko‘nglimda g‘alayon ko‘tariladi. Axir siz tinch va farovon mamlakatning ertangi kuni va ishonchisiz. Shunday ekan o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oqlang, keyin nadomat qilishdan nima foyda, deya hayqirgim keladi!  

Xulosa – Vatan haqida insho.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha beshta muhim tashabbus zamonamizning porloq kelajagi uchun kalit vazifasini bajaradi.Oʻz salohiyati bilan tengdoshlaridan ajralib turgan va qalbida ezgu maqsadlarni joylagan tengdoshim! Yuksak marralarni zabt etish uchun orzularni birlashtiraylik! Keling, yorqin hayot zinapoyalarini mustahkamlash uchun bir safda birga boʻlaylik! Darhaqiqat, bugungi oʻzgarishlar davri yuksak mahoratni talab etadi. XXI asr zamonaviy texnologiyalar asri ekanligini inkor etishning ilojisi yoʻq. Shunday ekan, dunyo tillarini o’rganishimiz zarur. Buyuk bobomiz Farobiy oʻz davrida 70 ta tillarni mukammal bilganligi haqida maʼlumotlar uchraydi. Demak, biz ham dunyo tillarini organishimiz, zamon bilan hamnafas bo’lishiz zarur ekan! Inshoyimni prezidentimiz Shavkat Miramonovich Mirziyoyevning ushbu so’zlari bilan yakunlamoqchiman “… Dunyoda xech qachon eskirmaydigan, yoʻqolmaydigan bebaho bir boylik borki, u ham boʻlsa, farzandiga bergan bilim va hunardir”.

Toshkent moliya instituti sayti dan olindi.

4 Izohlar

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting